Quyidagi usullardan foydalangan holda biz bilan bog'laning tizimdan chiqishingiz mumkin
Savollaringizni yuboring va tez orada javob beramiz
Legal Course kursi huquqiy savodxonlikni rivojlantiruvchi umumiy dastur bo'lib, 12 ta video-ma'ruza (modul)ni o'z ichiga oladi.
Mazkur mavzu doirasida siz «huquq» tushunchasi va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan insonning asosiy huquqlari bilan tanishasiz, huquq sohalarini farqlashni o‘rganasiz, shuningdek, fuqarolarning qanday majburiyatlari borligini bilib olasiz. Ushbu bilimlar o‘quvchilarga huquq jamiyat munosabatlarini qanday tartibga solishini va fuqarolarning manfaatlarini qanday himoya qilishini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Ushbu mavzuni o‘rganish jarayonida siz O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati qanday tashkil etilgani, mamlakatni kim boshqarishi, davlat organlari qanday shakllanishi va faoliyat yuritishi, sud tizimi qanday tuzilganini, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida «to‘rtinchi hokimiyat» sifatidagi o‘rni haqida bilib olasiz. Bu bilimlar davlatning turli organlari mamlakat boshqaruvida qanday hamkorlik qilishi jarayonini tushunishga yordam beradi.
Mazkur mavzuda jismoniy va yuridik shaxslar tushunchalari, ularning farqlari va xususiyatlari ko‘rib chiqiladi, shuningdek siz «huquq layoqati» va «muomala layoqati» atamalari bilan tanishasiz. Bundan tashqari, yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi haqida qisqacha ma’lumot beriladi. Ushbu mavzu huquq subyektlari huquqiy munosabatlarda qanday ishtirok etishini va jamiyatdagi munosabatlar qanday qilib to‘g‘ri shakllanishini tushunishga yordam beradi.
Oila munosabatlari ham boshqa sohalar kabi huquq doirasiga kiradi, chunki nikoh tuzish va bekor qilish tartibi, turmush o‘rtoqlar o‘rtasidagi, shuningdek, ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar qonun bilan tartibga solinadi. Ushbu mavzu oilaviy munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi, oila a’zolarining qanday huquq va majburiyatlarga ega ekanligi hamda oilaviy nizolar va muammolar qanday qilib qonuniy tartibda hal etilishi haqida tushuncha beradi.
Ushbu mavzu qonun hujjatlarining mohiyati, ularning turlari, qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, shuningdek, qonunlarni qabul qilish jarayoni va qonun hujjatlarining boshqa xususiyatlarini batafsil yoritadi.
Mazkur mavzu doirasida «shartnoma» tushunchasi, uning asosiy unsurlari — predmeti, tomonlarning huquq va majburiyatlari, muddatlari, narxi va hisob-kitob tartibi hamda boshqa jihatlar o‘rganiladi. Shuningdek, shartnoma tuzishda majburiy shartlar va majburiyatlar, shartlar buzilganda qo‘llaniladigan sanktsiyalar, yengib bo‘lmaydigan kuch (fors-major) holatlari batafsil tahlil qilinadi. Ushbu mavzu shartnomalarni to‘g‘ri tuzish va tahlil qilish, ularning tuzilish jarayonini yaxshiroq anglash hamda xatolar sonini kamaytirishga yordam beradi.
Mazkur mavzu jinoyat huquqi sohasi bilan bog‘liq bo‘lib, uni o‘rganish jarayonida «huquqbuzarlik» va «jinoyat» tushunchalari tushuntiriladi, huquqbuzarlik turlari, yuridik javobgarlik turlari, jinoiy va ma’muriy javobgarlik o‘rtasidagi farqlar hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, «sodir etilmagan qilmish» uchun aybdor deb topilgan holatlarda nima qilish va qanday himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar beriladi. Ushbu mavzu jamiyatda jazolashning o‘rni va jinoyatchilik bilan bog‘liq huquqiy jihatlarni tushunishga yordam beradi.
Mazkur mavzu O‘zbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy jihatlarini yoritadi. Mavzu doirasida tadbirkorlik faoliyatining barcha shakllari, ularning qonunchilik nuqtai nazaridan faoliyati, afzalliklari va kamchiliklari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, siz O‘zbekistonda korxonalarni soliqqa tortish tartibi va kompaniyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni bilan tanishasiz.
Hozirgi vaqtda kompyuter texnologiyalari rivoji tufayli fuqarolarning davlat organlari bilan o‘zaro aloqasi va davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanishi juda qulay bo‘lib qoldi. Mazkur mavzu doirasida fuqarolarning davlat organlari bilan muloqoti va ularning muammolarini tezkor hal qilish uchun mo‘ljallangan ayrim elektron platformalar ko‘rib chiqiladi. Jumladan, fuqarolarga turli sohalarda 600 dan ortiq xizmatlarni taqdim etuvchi my.gov.uz platformasi, shuningdek, Majburiy ijro byurosi (mib.uz), soliq organlari (my.soliq.uz), sud organlari (adolat.sud.uz, my.sud.uz) va boshqa davlat organlarining elektron platformalari tahlil qilinadi.
Zamonaviy dunyoda gender tengligini ta’minlash butun dunyo bo‘yicha eng dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Ushbu mavzuda O‘zbekistonda ayollarga berilgan huquqlar va ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ko‘rilayotgan choralar yoritiladi. Mavzuni o‘rganish jarayonida ayollarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchiligida, shuningdek xalqaro konvensiyalarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari tushuntirib beriladi.
Mazkur mavzu doirasida jamiyatda qonuniylik va tartibni ta’minlaydigan davlat organlarining tuzilishi, vazifalari va o‘rni ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ichki ishlar organlari, prokuratura, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat xavfsizlik xizmati hamda Davlat bojxona qo‘mitasi kabi huquqni muhofaza qiluvchi organlar haqida so‘z yuritiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati asoslari, ularning vakolatlari va majburiyatlari ham o‘rganiladi.
Mazkur mavzu doirasida yurist, mashhur bloger va “Sher Legal Academy” asoschisi Sherzod Egamberdiyev tomonidan shaxsiy rivojlanish bo‘yicha maslahatlar beriladi.